Rossiyaning eng boy ayoli chodra yopinib ko‘rdi

© FacebookYelena Baturina dugonasi bilan
Yelena Baturina dugonasi bilan - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Moskva sobiq meri Yuriy Lujkov va turmush o‘rtog‘i Yelena Baturina birgalikda shaxsiy samolyotlarida Eronga safar qilishdi

TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Moskva sobiq meri Yuriy Lujkov turmush o‘rtog‘i Yelena Baturina bilan birgalikda Eronga safar qilishdi. Ular Islom Respublikasiga o‘z shaxsiy samolyotlarida yo‘l olishdi va omma e’tiborini tortmaslikka harakat qilishdi.

Ommaviy axborot vositalari mazkur safar haqida Baturina Mashhaddagi Imom Rizo maqbarasi oldida chodrada tushgan suratini e’lon qilganidan so‘ng bilishdi.
ISNA axborot agentligi jurnalistlari Lujkova va Baturinaga Eronga safari chog‘ida hamrohlik qilgan Grigor Gazarandan mazkur safar tafsilotlarini so‘rashdi.

Uning aytishicha, ular Eronda sakkiz kun bo‘lishgan. Mazkur muddat davomida ular davlat rahbariyati bilan ham, savdo kompaniyalari bilan ham hech qanday rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishmagan, deb xabar beradi ISNA.

"Yuriy Lujkov va Yelena Baturina oilaning uch nafar do‘sti bilan Eronga sayyohlik maqsadida keldilar, ular Eron va islom tarixi bilan yaqindan tanishishni istadilar", — dedi Gazaran.

Xabar qilinishicha, ular Eronga shaxsiy samolyotda kelishgan va Tehron, Kashan, Abaneh, Isfahon, Shiroz, Yazd va Mashhadning diqqatga sazovor joylarida bo‘lishgan.

"Ularning asosiy maqsadi Eron sivilizatsiyasi bilan tanishish edi, — ta’kidladi Gazaran. — Albatta, Lujkov va Baturina nima bilan shug‘ullanishlari sizga ma’lum bo‘lsa, siz ularni mahalliy kompaniyalar bilan savdo hamkorligi qiziqtirgan deb o‘ylashingiz mumkin, lekin ular birinchi navbatda Eron tarixi haqida ma’lumot olish hamda Eron va islom madaniyati yodgorliklari bilan tanishish istagida kelishdi".

Uning aytishicha, ular eronliklarning mehmondo‘stliklaridan hayratda qolishgan. Lujkov va Baturina eronliklar hamisha ijobiy fikr yuritishlarini aytishgan.

Oilaning do‘sti, Rossiyadagi universitetlardan birining o‘qituvchisi Eronning diqqatga sazovor joylarini suratga tushirgan va Rossiyada ular asosida fotoko‘rgazma tashkil qilish niyatini bildirgan.

Gazaranning aytishicha, Lujkov, Baturina va ularning do‘stlari Eronga ilk marta tashrif buyurishgan. Ular hududdagi boshqa islom mamlakatlarida bo‘lishgan, biroq qo‘shnilaridan ko‘ra tarixi qadimiyroq Eronni ko‘rishni istashgan. 

"Biz Mashhadda yarim kuncha bo‘ldik va faqatgina Imom Rizo maqbarasini ko‘rishga ulgurdik, — deydi Gazaran. — Lujkov va Baturinani islom arxitekturasi va shia madaniyati qiziqtirdi".

Mashhaddan so‘ng ular Erondan uylariga qaytishgan.

Yelena Baturina — yirik tadbirkor, homiy va saxovatpesha, Inteco Management kompaniyasi prezidenti. U Forbes jurnali talqini bo‘yicha Rossiyaning eng boy ayoli hisoblanadi: uning boyligi taxminan bir milliard dollar deb baholanadi.

Yuriy Lujkov — Moskvaning sobiq meri (1992-2010). Hozirda Moskvadagi xalqaro universitetning yirik shaharlarni boshqarish fakulteti dekani hisoblanadi hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.

Yangiliklar lentasi
0