Samarqand dehqon bozorlari qanday ahvolda

Obuna bo‘lish
Qadimdan sharqona shaharning eng gavjum joyi bozor bo‘lgan. Bozorda kundalik oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olingan. Dehqonchilik, hunarmandchilik mahsulotlari sotuvga chiqarilgan. Qolaversa, barcha yangiliklar va mish-mishlar ham, avvalo, bozorda orqali tarqalgan.

TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Bozor — ma’murchilik, xalqning madaniyati, mamlakat boyligi va to‘kin-sochinligini ko‘rsatib beradigan maskan deb yozadi, Samarqanddagi Zarafshon nashri muallifi O‘ktam Xudoyberdiyev.  

Nashr muxbirlari dehqon bozorlari qonun tomonidan belgilangan sanitariya-gigiyena, xaridorlar huquqlarini himoya qilish, savdo-sotiq qoidalariga javob berarmikan, degan savolga javob izlab Samarqand shahridagi bozorlarda bo‘lishgan.

Marmar bozori

222 ta savdo nuqtasiga ega bo‘lgan «Marmar dehqon bozori»da atigi 30-35 nafar sotuvchi savdo bilan band. Ularning ham aksariyati sanitariya qoidalariga rioya etmay savdo qilishmoqda. Xaridorlar yo‘lagini toza saqlash uchun qo‘yiladigan chiqindi qutilari esa rastalar tagiga "berkitib" qo‘yilgan, nazorat tarozisi qo‘yilmagan. Sotuvchilarning ko‘pchiligi uyda qo‘lbola usulda tayyorlangan tuzlamalarni laboratoriya tekshiruvisiz sotishmoqda. 

"Aziz" bozor

Shahardagi "Aziz" mas’uliyati cheklangan jamiyati asosan kiyim-kechak bilan mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotishga ixtisoslashtirilgan bitta do‘kon va bitta go‘shtxona bor. Go‘shtning narxi 21 ming so‘m etib belgilangan bo‘lsa-da aholiga 25 ming so‘mdan sotilmoqda. Sotishga mo‘ljallangan go‘sht bo‘laklari duch kelgan joyga qo‘yilgan. Sotuvchining savdo madaniyati haqida gapirish ortiqcha. 

Vokzal bozorimi yo ko‘cha bozori?  

Shahar aholisining asosiy qismi ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlarni "Temiryo‘l dehqon bozori"dan xarid qilishadi. Bu yerdagi mahsulotning mo‘lligi xaridorga tanlash uchun katta qulaylik yaratadi. Biroq xalqimizning "Toza joyga baraka inadi", degan naqli bozor ma’muriyatining qulog‘iga yetib bormagan ko‘rinadi. Aks holda go‘sht, sut, non mahsulotlarini ochiq holda sotilishining oldi olingan bo‘lardi.

Hujjatlarga ko‘ra "Temiryo‘l dehqon bozorda" qonuniy 682ta savdo nuqtasi bor. Ulardan 313tasi — qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun, 160tasi —  ho‘l va quruq meva uchun, 180 mol va parranda go‘shi uchun belgilangan. Bozorda qurilgan rastalar bo‘sh qolib, bozor atrofida ko‘cha savdosi avj olgan, sotuvchilar maxsus kiyimsiz mahsulotni ochiq holda, belgilanmagan joyda sotmoqda. Ushbu bozorda bir kilogramm go‘sht 25-26 mingdan sotilmoqda. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari rastasidagi aksariyat sotuvchilar mahsuloti iste’molga yaroqliligini tasdiqlovchi ma’lumotnomaga ham ega emas. 

Bozorning go‘sht va tovuq mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan qismida sotilayotgan mahsulotlar antisanitariya holatida. Bu yerda na savdo xodimining o‘zi, na uning mahsuloti mavjud sanitariya talablariga javob beradi. Bundan ko‘rinadiki, bozor ma’muriyatining sotuvchi qanday mahsulot sotishi, uning sifati bilan ishi yo‘q, faqat belgilangan patta pulini to‘lasa bas… 

Xullas, Samarqand shahrining yuqorida nomlari qayd etilgan bozorlarida ahvol ana shunday…

Yangiliklar lentasi
0