TOShKENT, 7 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Dekabr oyining boshlanishi o‘zgacha kechdi: O‘zbekistonda ro‘y berayotgan olamshumul voqealardan tabiat ham "tutab" ketib, qish mavsumining birinchi kunlarida ob-havo harorati naq 20 daraja issiqni tashkil qildi!
Sputnik O‘zbekiston nashri dekabrning birinchi haftasida hamurtlarimizni hayratga solgan xabarlarni eslashga qaror qildi.
1. Valyuta islohotlari — Tasavvur qiling, endi chet elga chiqmoqchi bo‘lsangiz, 10 ming $ valyutani olib chiqishingiz, 2 ming $gacha bo‘lgan valyutani esa, hatto, deklaratsiyada ko‘rsatib o‘tmasligingiz mumkin… Davlat portalida valyuta sohasini erkinlashtirish haqidagi qonun loyihasida xuddi ana shu haqda gap boradi. Nima ham derdik, bu o‘zbek jamoatchiligini behad xursand qilib yuborgan xabarlardan biri bo‘ldi…
2. Atambayev O‘zbekistonni GES qurishga chaqirdi — Kim aytdi O‘zbekiston suv tanqisligi muammosi qarshisida, deb? Mana, Qirg‘iziston aynan o‘z qo‘shnisi uchun atay GES qurayotganini e’lon qildi. "Biz bugun Yuqori-Norin kaskadi va Qambarota-1" bo‘yicha ishlashimiz kerak. Agar O‘zbekiston ushbu qurilishning ta’sischilaridan biri bo‘lsa, ayni muddao bo‘lardi. Axir bu GES O‘zbekiston ehtiyojlari uchun qurilmoqda" deya bayonot qildi Atambayev. Aytgancha, u rasmiy Bishkek bundan buyog‘iga faqat o‘z harbiy kuchlariga tayanishini va, shu bois, Rossiya harbiy bazalari mamlakatdan chiqarib yuborilishini ham qo‘shimcha qildi. Xullas, birgina o‘zbeklar hayratda qolgani yo‘q…
3. Erdo‘g‘on Putinni dollardan voz kechishga chaqirdi. Dollar vasvasasi butun dunyoni qamrab olgan bo‘lsa — o‘z yo‘liga. Turkiya prezidenti esa dunyo mamlakatlariga bosim o‘tkazishning o‘ziga xos yo‘lini o‘ylab topgan "g‘animga" munosib javob qaytarish usulini "kashf qildi". U yaqindagina yarashib olgan hamkasbi — Rossiya prezidenti Putinga — o‘zaro savdoda mahalliy valyutalarga o‘tish taklifini bildirdi. Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, uning ushbu qarorini Xitoy va Eron "chapak chalib" kutib olgan.
4. Shavkat Mirziyoyevning g‘alabasi - O‘zbekistonda muddatidan oldin o‘tkazilgan prezident saylovlari dunyo hamjamiyati e’tiborida bo‘ldi: saylov jarayonini 600ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar kuzatdi. Ularning aksariyati "bu saylovlardan o‘rganadigan narsamiz ko‘p bo‘ldi", deya e’tirof etdi. O‘zbekiston fuqarolari Shavkat Mirziyoyevning ishonchli g‘alabasi bilan birga yangi prezident tomonidan so‘zlangan birinchi nutqni ham gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi. "Xudoyi Taolo bunday lavozimni xalq oldida sinov uchun berdi", "Niyatim, oyog‘im yerdan uzilmasdan, xalq istak-niyatlarini amalga oshirish", "Xalqning baxtliligini ko‘rish va xalqni rozi qilish uchun butun borlig‘im bilan harakat qilishga tayyorman" — bu gaplar samimiy va yurakdan aytildi. O‘zbekiston katta o‘zgarishlar ostonasida!
5. O‘zbekiston 27 davlat uchun viza tartibini bekor qildi — O‘zbekiston bir emas, ikki emas, balki 27 davlatga viza tartibini bekor qilgani olamshumul yangilik bo‘ldi. Faqat tojikistonliklar ro‘yxatdan o‘zlarini topa olmay bir oz kalovlanib qolishganini aytmaganda, hamda 50 dollarlik to‘lov ham ayrimlarga bir oz ko‘pdek tuyulganini inobatga olmaganda, hammasi risoladagidek. Ammo tarixiy obidalarimizga bir qur nazar tashlashni xohlaydiganlar uchun bu to‘lov og‘irlik qilmaydi, deb umid qilaman.
Aytgancha, yana bir xabar — Rossiyada "Eshak" nomli restoran ochilgani ham ko‘pchilik tomonidan hayrat ila qarshi olindi. Rossiyalik artist Svetlakov "Eshak" nomi bilan butun boshli restoranlar tarmog‘ini ochmoqda. Hayratlanganlar orasida restoranga nega bunday nom berilganiga tushunmay, "Nima, restoran o‘z mijozlariga "eshshakday xizmat qiladimi?" deya savol tashlaganlar ham bo‘ldi. Xullas, kamina bu savolga javob bera olmaydi. Ana shunaqa gaplar…