TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Mamlakatdagi qashshoqlik darajasini pasaytirish uchun Tojikiston hukumati chuqur tarkibiy islohotlarni amalga oshirishi zarur, deyiladi Jahon banki sharhida.
Tojikiston hukumati 2020-yilda erishilishi ko‘zda tutilgan keng miqyosdagi islohotlarni amalga oshirishni maqsad qililb qo‘ydi – bu YaIMni ikki baravarga oshirish, qashshoqlik darajasini 2020-yilga kelib 20%gacha pasaytirish hamda aholining o‘rta sinfini kengaytirishdir.
"O‘sishga erishish uchun Tojikiston iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish va xususiy sektor rolini oshirishga qaratilgan chuqur tarkibiy islohotlarni amalga oshirishi zarur, bu jozibador biznes muhitini yaratish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytiradi va samarali ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi", — deyiladi hujjatda.
Bank ekspertlari bazaviy ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish va zamonaviylashtirish hamda transport bog‘lamasini hududiy va global bozorlar bilan kengaytirish lozim deb hisoblashmoqda.
Jahon banki mutaxassislari Tojikistonning energetika ehtiyojini qondirish qashshoqlik darajasini pasaytirish va xususiy biznes rivoji uchun qulay muhit yaratish uchun o‘ta muhimligini ta’kidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston YaIM 2014-yildagi 9,2 mlrddan 2015-yilda 7,8 mlrdga tushib ketdi.
Aholining 70%ga yaqini kuz-qish davrida energiya ta’minotidagi uzilishlardan jabr ko‘radi. 2009-yildan boshlab Tojikiston energetika tarmog‘i Markaziy Osiyo energetika tizimidan uzilgach va Markaziy Osiyo davlatlari bilan energetika savdosi to‘xtatilgach, aholiga energiya yetkazib berish borasidagi uzilishlar miqdori oshdi.
Tojikiston Jahon banki tomonidan bir necha bor Markaziy Osiyodagi eng qashshoq mamlakat deb e’tirof etilgan.