TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Ikki noma’lum ayol Navoiy shahrida yashovchi ayolning uyiga kelib, "qizingizning baxtini ochib beramiz" deb uning ishonchiga kirib, ikki turdagi sariq metaldan yasalgan zargarlik buyumlarini olib ketishdi. Jabrlanuvchi aldanganini bilgach, ichki ishlar organiga murojaat qildi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari jinoyat joyini ko‘zdan kechirib, jabrlanuvchi va uning qo‘shnilari bilan surishtiruv ishlarini olib borishdi. Firibgarlarning tashqi ko‘rinishi haqida ma’lumotlar to‘planib, tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirildi.
Natijada Qashqadaryo viloyatida yashovchi 1959 va 1981-yilda tug‘ilgan ikki ayol issiq izida qo‘lga olindi va sodir etgan jinoyati fosh etildi.
Ushbu firibgarlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.