TOShKENT, 5 dek – Sputnik. Tadbirkor va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov bugun soat 16:00da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan brifing chog‘ida ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev uchun saylovchilarning 88,61%i (15 906 722 kishi) ovoz berdi.
O‘zbekiston Prezidenti saylovi 4-dekabr kuni o‘tkazildi. Ovoz berish ertalab soat 6.00da boshlandi va soat 20.00da yakunlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berishda 17 million 941 ming 955 nafar fuqaro ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,83 foizini tashkil etadi.