TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Soat 10.00 gacha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 428 ming 891 saylovchilarning 25,49 foizidan ortig‘i ovoz berib bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha bugun soat 6.00 da boshlangan ovoz berish jarayoni haqidagi ma’lumotlar onlayn rejimida kelib tushmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 21,4 million saylovchi ovoz berish huquqiga ega. Ovoz berish bugun soat 20.00gacha davom etadi. Saylovchilarning 33%i ovoz berganida saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. Saylov natijalari dushanba kuni ertalab e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Ikkinchi sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi. Mamlakat Prezidenti vazifasini bajarish Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirildi.
Saylovda O‘zLiDeP partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zXDP partiyasidan Hatamjon Ketmonov, "Milliy tiklanish" partiyasidan Sarvar Otamuratov va "Adolat" partiyasidan Narimon Umarovlar o‘z nomzodlari bilan ishtirok etishmoqda.