TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Toshkent shahridagi transport kompaniyalaridan biri saylov kunida toshkentliklarni saylov uchastkalariga bepul olib borishini ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
"4 dekabr — O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni! Easy Taxi kompaniyasi Vatanimizning kelajagi, uning gullab-yashnashi va har tomonlama ravnaq topishiga ishonadi. Har birimizning ovozimiz bunda juda muhim! Davlatimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan voqeadan chetda qolmaslikka chaqiramiz. Va barcha fuqarolarimizni saylov uchastkalariga qadar bepul olib borishni o‘z zimmamizga olamiz. Ushbu aksiya faqat Toshkent shahrida amal qiladi", — deyilgan kompaniya xabarida.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Toshkent shahar hokimligi 4-dekabr kuni Toshkent shahridagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovchi avtobuslar hamda metro qatnovi soat 05:00 dan boshlanishi va kun davomida yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatishini e’lon qilgan edi.