TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Yangi Moskvada mingga yaqin kishini sig‘diruvchi masjid va madaniyat-ma’rifat markazi qurilishi mumkin, qurilishga homiylik qiluvchilar topildi, dedi Rossiya musulmonlari diniy jamiyati rahbari, Moskva muftiysi Albir Krganov RIA Novostiga bergan intervyusida.
"Bugun biz Moskva hokimiyatidan Moskva shahri musulmonlari diniy boshqarmasi va "Moskva muftiyligi" nomidan yer uchastkasi ajratishni so‘raymiz. Hozirda Yangi Moskva hududida masjid qurish masalasi hal etilmoqda. U yerda Rossiyaning boshqa an’anaviy dinlari obyektlarini qurish bo‘yicha qaror qabul qilingan, musulmonlar ham tegishli qarorni kutishmoqda. Qaror ijobiy bo‘ladi deb umid qilaman", — dedi u.
O‘z ichiga masjidni ham oluvchi madaniyat-ma’rifat markazi barcha uchun ochiq bo‘ladi. Masjid ming kishiga mo‘ljallangan.
Krganov ayni paytda muftiylik "mazkur majmua qurilishini to‘liq moliyalashtirishga tayyor judayam e’tiborli Rossiya kompaniyalari" bilan kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Bugungi kunda Moskvada Jome masjidi, Zamoskvorechyedagi Tarixiy masjid, Poklonnaya goradagi masjid va Otradnoyedagi "Yordam" masjidlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Poytaxt musulmonlari jamiyati vakillari dindorlar ibodati uchun binolar yetishmayotganligi haqida ko‘p marta murojaat bilan chiqishgan edi.