TOShKENT, 30 noya — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti saylovi kuni, ya’ni, 4-dekabr sanasida Toshkent avtobuslaridan foydalanish barcha yo‘lovchilar uchun bepul bo‘ladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati xabar qilmoqda.
"Joriy yilning 4-dekabr kuni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida katta ahamiyat kasb etuvchi sanadir. Shu kuni davlatimiz Konstitutsiyasiga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovlarida ishtirok etadilar, o‘zlari ma’qul deb bilgan nomzod uchun ovoz beradilar.
Toshkent shahrida saylovlarning yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilishi, saylovchilar hamda tadbir tashkilotchilariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida 4-dekabr kuni Toshkent shahridagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovchi avtobuslar hamda metro qatnovi soat 05:00 dan boshlanishi va kun davomida yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatishini ma’lum qilamiz.
Barchani o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, yurt kelajagi uchun ovoz berishga chaqiramiz!", — deyilgan xabar matnida.