TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatovning ilgari qirg‘iz tilida nashr etilmagan "Fleyta va zamin" asari topildi, deb xabar bermoqda Sputnik Qirg‘iziston milliy fanlar akademiyasi matbuot xizmatiga tayanib.
Birinchi bo‘lib mazkur asar bilan tanishgan akademik Abdildajan Akmataliyev uning muhimligi haqida ma’lum qildi. Akmataliyevning so‘zlariga ko‘ra, "Fleyta va zamin" turkumidagi hikoyalar Bolgariyaning "Plamik" (1973 yil) va "Literaturniy front" (1974) jurnallarida chop etilgan. 1974–1976 yillarda esa ular Aytmatovning bolgar tilidagi ikki jildi asarlar to‘plamiga kiritilgan.
"Yozuvchining asari ruschadan bolgar tiliga tarjima qilingan. Aytmatov o‘z maqola va suhbatlarida mazkur hikoyalar turkumi haqida hech qachon gapirmagan", — dedi akademik.
Akmataliyev bolgar kitobxonlari ushbu asar bilan bundan 40-yil ilgari tanishishgani, qirg‘izistonliklar esa hali ham tanish emasliklarini ta’kidladi.
"Mazkur asar Katta Chuy kanali qurilishiga bag‘ishlangan hikoyalarni o‘z ichiga oladi. Men bolgar tilidagi hikoyalarni uch yil mobaynida o‘rganib chiqdim", — dedi Akmataliyev. Fanlar akademiyasi vakili "Fleyta va zamin"ning bosh qahramoni prototipi Beyshe Asakeyev Ikkinchi jahon urushi davrida Stalingradda qahramonlarcha halok bo‘lganligini qo‘shib qo‘ydi.
Chingiz Aytmatov 1928-yilda Qirg‘izistonda tavallud topgan, 2008-yilda vafot etgan. Uning romanlari 176dan ortiq tillarga tarjima qilingan va dunyoning 128 mamlakatida 100 milliondan ortiq nusxada chop etilgan.