TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Toshkent hokimiyati O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Oqsaroy qarorgohi yaqinidagi ko‘chani ochdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ayni vaqtda Sharof Rashidov shohko‘chasi va Beshog‘och ko‘chasi orasidagi Afrosiyob ko‘chasining har ikki bo‘lagida harakatlanish yo‘lga qo‘yildi.
Bu qaror Toshkentda Islom Karimov xotirasiga atab park, muzey va yodgorlik bunyod etilishi haqidagi xabar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mazkur obyektlar aynan qayerda joylashishi haqida aniq ma’lumot yo‘q, lekin ko‘pchilik muzey va park Oqsaroyda barpo etilishi haqida gapirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Toshkentda mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bir qancha tig‘iz markaziy ko‘chalarda harakatlanish ochilgandi. Ular bir necha yil ilgari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xavfsizligini ta’minlash maqsadida yopib qo‘yilgandi.