"Haqiqat qamoqdan chiqdi" - O‘zbekistonda Samandar Qo‘qonov ozod qilindi

© Sputnik / Aleksey Filippov / Mediabankka o‘tishSIZO
SIZO - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Siyosiy mahbus - Samandar Qo‘qonovning 23-yildan so‘ng qamoqdan chiqqani haqidagi xabar juda qisqa muddat ichida butun dunyoni aylanib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kimdir bu voqeaga "Mirziyoyevning yana bir jasorati" deya izoh berdi, yana kimningdir ta’rifi bo‘yicha "Haqiqat qamoqdan chiqdi"...

TOShKENT, 26 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Siyosiy mahbus Samandar Qo‘qonovning qamoqdan ozod etilishi internet olamini "yorib" yuborgan yangiliklardan biri bo‘ldi.

Samandar Qo‘qonovning ozod etilgani haqidagi xabar juda qisqa muddat ichida butun dunyoni aylanib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kimdir bu voqeaga "Mirziyoyevning yana bir jasorati" deya izoh berdi, yana kimningdir ta’rifi bo‘yicha "Haqiqat qamoqdan chiqdi"…

Samandar Qo‘qonovning ozodlikka chiqqani haqida eshitgan borki, bu yangilikni o‘z yaqinlariga, do‘stlariga yetkazishga shoshildi. Bu yangilik rostligiga ishonch hosil qilish uchun Qo‘qonovning qizlari Umida Qo‘qonova bilan bog‘landik. Salomimizga juda quyuq alik oldilar — cheksiz shodu-xurramliklari, hatto, 4000 ming kilometr masofa uzoqlikda ham sezildi.

© Stranitsa Facebook23 yillik qamoqdan ozod etilgan siyosiy mahbus Samandar Qo‘qonov
Samandar Kukanov - Sputnik O‘zbekiston
23 yillik qamoqdan ozod etilgan siyosiy mahbus Samandar Qo‘qonov

"Hozirgi holatimni sizga so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Juda ham xursandmiz. Hamma xursand: onamlar ham, opa-ukalarim ham. Bir yig‘layman xursandligimdan, bir kulaman. Bilasizmi, bizlar uchun bu voqea — yozda yoqqan qorday bo‘ldi. Sababi, 6-oktabrda chiqishlari kerak edi. "Ana chiqadilar, mana chiqadilar", deb tayyorgarlik qilib, Toshkent bilan Navoiyning o‘rtasida yashayman, birinchi bo‘lib men ko‘rar ekanman deb xursand bo‘lib, kutib turgandim, bo‘lmadi. Bizga otangizga yana 3-yilu 5 kun "srok" berildi deb aytishdi. Buni eshitib, hammamizning "tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushgandi". Shuning uchun ozodlikka chiqishlariga oxirigacha ishonmaganman, qarang, kirib kelishdi. Juda ham xursandmiz. Dadamlarning kelishlarini oxirigacha hech kimga aytmagandik. Tag‘in yolg‘on bo‘lib chiqmasin, deb. Ammo kelishlari bilan bir pasda uyimiz mehmonga to‘lib ketdi", — deya ko‘nglida kechayotgan tuyg‘ular bilan bo‘lishdi Umida Qo‘qonova.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlari hali ham Samandar Qo‘qonovning diydoriga to‘ya olganlari yo‘q.

"Qarang, dadam shuncha yil o‘tirib, 15 ta nevaraning oldidan turolmadilar. Mening besh nafar nevaram bor, birortasini ko‘rmaganlar. Ikkitasi dadamning ikki biqiniga yopishib oldi, bolalardan ortmadilar. Biz kattalar faqat mehmon kutdik. Hali bemalol o‘tirib, yuzma-yuz gaplashganimiz yo‘q. Bilasiz, 23-yil kam muddat emas. Vaqt baribir o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Dadamlar bir oz o‘zlariga kelib olishlari uchun hozir u kishini sanatoriyga joyladik, hamma bilan suhbatni keyin ham davom ettiraverasiz, dedik".

23 yillik ayriliqdan ko‘ngilda nima qoldi, degan savolimizga Umida Qo‘qonova quyidagicha javob berdi: "Sog‘-salomat ko‘rishganimizning o‘zi ko‘ngildagi g‘uborlarni yuvib ketdi. Odam hamma qiyinchiliklar, ayriliq-azoblarni bir pasda unutar ekan. Har qanday qorong‘ilikning orqasida yorug‘lik bor deyishadi-ku. Bugungi diydor hamma qorong‘ilikni bir pasda shundoq surib tashladi.

Misol uchun bir narsani orzu qilasiz, lekin u orzuga yetishish qo‘lingizdan kelmaydi, chunki birgina sizga bog‘liq emas u. Agar shu orzuga yetishishga kimlardir sizga yordam bersa, qanchalik xursand bo‘lasiz! Beayb parvardigor, lekin dadamning ozodlikka chiqishlari — bizlar uchun juda katta yaxshilik.  Men 29 yoshda edim dadam qamalganlarida, bir kunda ikki ukam ham qamalgan. To‘rt yarim yil 3ta qamoqqa qatnaganman. Qahraton bo‘ladimi, jazirama bo‘ladimi… Otamlarga olib borish uchun farzandlarimning qo‘lidan yegulikni tortib olgan paytlarim bo‘lgan. Bu kunlar unutildi. Men hozirgi hukumatimizdan juda ham minnatdorman… "

Samandar Qo‘qonovning ozodlikka chiqarilishiga Internet foydalanuvchilari qanday munosabat bildirishmoqda?

"Sobiq deputat va siyosiy mahbus Samandar Qo‘qonovning ozod etilgani nihoyatda muhim xabardir", — deb yozgan o‘zining facebookdagi sahifasida Namoz Normo‘min.

"Samandar aka ozodlikda Shuning o‘zi men uchun katta bayram", — deya izoh qoldirgan Jabbor Pirimovich.

"Samandar akaning bundan 25-yillik oldingi telefonda gaplashayotgan suratlarini ko‘rgandim. Endi… yetmish yoshdan oshgan, qalbidagi barcha orzu —umidlari yillar ortida qolgan, hayotga horg‘inlik va muhabbat bilan qarayotgan qariya bir odamning rasmini ko‘rib turibman. Ming shukur yetti muchasi but va omon ko‘rganimizga…" — Salomat Vafo.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy kengashi deputati, Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi sobiq boshlig‘i Samandar Qo‘qonovga berilgan so‘nggi qamoq jazosi joriy yilning 6-oktabr kuni tugagan edi. Ammo u belgilangan muddatda ozodlikka chiqarilmagan. Samandar Qo‘qonov mustaqil O‘zbekiston tarixida eng uzoq qamalgan siësiy mahbusdir.

Yangiliklar lentasi
0