TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Qirg‘izistonga Yaponiyadan olib kelingan, radiaktiv zaharlanish miqdori normadan yuqori bo‘lgan avtomobillar, nurlanishdan tozalanadi, deb xabar qilmoqda hukumat matbuot xizmati. Mamlakat bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov ushbu ish yuzasidan taaluqli qaror imzoladi.
Biroz oldin Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati "Almadin-1" mikrorayonida "Severnaya" nomli temir yo‘l bojxona postida 183 dona nurlangan yaponiya avtomobillari saqlanayotgani haqida xabar bergan edi.
Radioaktiv nurlanish miqdori normasi soatiga 0,2 mikrozivertdan oshmasligi kerak.
Davlat bojxona xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki Ishlar vazirligi bilan birgalikda nurlangan mashinalar sonini aniqlab, ularni "Kirgizjilkommunsoyuz" korxonasining radioaktiv chiqindilar saqlash omboriga ko‘chirib o‘tkazishi kerak. U yerda avtomobillar mamlkat qonunlari va sanitariya normalariga ko‘ra dezaktivatsiya qilinadi, deb xabar qilmoqda Sputnik Kirgizstan.
Ushbu xarajatlarni qoplash uchun Tabiatni muhofaza qilish va O‘rmon xo‘jaligi agentligiga maxsus fonddan mablag‘ ajratish belgilangan. Shuningdek, hukumat qarorida avtomobillarni radiatsiyadan tozalash tartibi ham belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2011-yilning 11-martida Yaponiya qirg‘oqlari yaqinida kuchli yer qimirlashi va sunami bo‘lib, "Fukusima-1" nomli atom elektr stansiyasida avariya sodir bo‘lgan edi. Falokat oqibatida AESda saqlanayotgan radioaktiv suv va zaharlangan havo atrof muhitga tarqalib ketgan. Shundan keyin Yaponiyaning taxminan 8% hududida radiatsiya miqdori normadan keskin oshib ketganini xabar qilishgan edi.