O‘zbekistonga radioaktiv chiqindilardan qutulishda AQSh va Britaniya ko‘maklashadi

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston favqulodda vazirligi huzuridagi Radiatsion xavfsizlik markazining modernizatsiya qilinishi uchun qiymati 330 ming dollarlik loyiha amalga oshirildi

TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya hukumatlari O‘zbekiston favqulodda vazirligi huzuridagi Radiatsion xavfsizlik markazining modernizatsiya qilinishida texnik ko‘mak ko‘rsatdilar, deb ma’lum qildi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda Radioaktiv chiqindilarni ko‘mish bo‘yicha respublika korxonasi (RXM tarkibiga kiradi) hududida AQSh energetika vazirligi, Buyuk Britaniya hukumatining biznes, energetika va sanoat strategiyasi departamenti (BEIS) va O‘zbekiston hukumati ishtirokida radioaktiv chiqindilarni ko‘mishni texnik takomillashtirish loyihasi yakunlandi, deb xabar berdi RIA Novosti.

"Qiymati 330 ming dollarni tashkil etuvchi hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha yadroviy-radioaktiv moddalarning terrorchilar qo‘liga tushib qolishining oldini olish sohasidagi hamkorlikning muhim voqeasi bo‘ldi", — deyiladi elchixona xabarida.

Tomonlar yadroviy va radiologik xavfsizlik sohasida AQSh, Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning hamkorligi doirasida korxonaning jismoniy xavfsizligi bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilganini qayd etdilar, deb ma’lum qildi elchixona matbuot xizmati.

"Radioaktiv chiqindilarni ko‘mish bo‘yicha respublika korxonasi" 2016-yil mayda Prezident qaroriga asosan tugatilgan Yadro fizikasi institutining o‘rniga O‘zbekiston FVV huzuridagi RXM ixtiyorida tashkil etilgan.

Radiatsion xavfsizlik markazi asosiy vazifalari MAGATE hamda vakolatli organlar bilan hamkorlikda xavfsizlikni ta’minlash va yadro texnologiyalarini tarqatmaslikka oid xalqaro standartlarga qat’iy muvofiq ravishda Yadro fizikasi institutining yadro reaktorini ekspluatatsiyadan chiqarish borasidagi ishlarni tashkil qilishdan iborat.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida uranni boyitish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi "Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi asosida ham radioaktiv chiqindilar ombori faoliyat ko‘rsatadi.

Yangiliklar lentasi
0