TOShKENT, 23 noya — Sputnik. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida oliy o‘quv yurtlari soni 37 tadan 81 taga o‘sdi, shu jumladan xorijiy mamlakatlar nufuzli oliy o‘quv yurtlarining bir qator filiallari faoliyat yuritmoqda.
Respublikada ta’lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni, ya’ni YuNESKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun ta’limga yo‘naltirilishi zarur bo‘lgan investitsiyalar miqdori bo‘yicha tegishli tavsiyalaridan qariyb 2 barobar ko‘pdir.
Bu yil Moliya vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi zarur infratuzilmani yanada rivojlantirish maqsadlari uchun 355,6 milliard so‘m mablag‘ ajratgan bo‘lib, ular hisobidan 14 ta oliy o‘quv yurtining kapital ta’mirlanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, 22065 o‘quvchi o‘ringa ega bo‘lgan 30 ta o‘quv binolari, 3560 o‘ringa ega bo‘lgan 12 ta talabalar turar joylari, 5 ta sport inshootlari, 3 ta talabalar oshxonasi, 2 ta Axborot resurs markazlari, 1 ta madaniyat saroyini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Joriy yilning to‘qqiz oyi ichida ushbu oliy ta’lim muassasalari obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun 201,3 milliard so‘m yo‘naltirildi.
15 ta tayanch oliy o‘quv yurtida Janubiy Koreya, Italiya, Avstriya, Yaponiya, AQSh, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlardan 15 xorijiy mutaxassis ushbu markazlar direktor o‘rinbosari sifatida jalb etildi. Ularda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish kurslari tashkil etildi. Hozirgi paytda mazkur kurslarda oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari malaka oshirib kelmoqda.