TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Toshkentda italiyalik xonanda Toto Kutunoning konserti bo‘lib o‘tdi. Xonanda va bastakor "Oltin kuz" xalqaro festivali doirasida "O‘zbekiston" anjumanlar saroyida chiqish qildi, deb xabar beradi MyDay.uz.
Anjumanlar saroyi xonandaning muxlislari bilan to‘lib-toshdi.
Artist tomoshabinlar olqishlari ostida oppoq kostum-shimda chiqib keldi va Serenada qo‘shig‘i bilan dasturni boshlab berdi.
Qo‘shiqni ijro etib bo‘lgach xonanda o‘zbek tilida salomlashdi.
Toto zaldagilar bilan tarjimon yordamida italyan tilida muloqot qildi.
U muxlislari bilan birgalikda serenada uchun ism tanladi va Lola ismiga to‘xtaldi.
So‘ngra xonanda Donna Mia qo‘shig‘ini naqoratini Lola Mia deya o‘zgartirib kuyladi.
Toto Kutuno Toir Qo‘ziyev va "Sato" guruhi bilan birgalikda "Yalla" ansamblining mashhur "Choyxona" qo‘shig‘ini kuylab barchani hayratda qoldirdi.
Italiyalik xonanda bu qo‘shiqni bir tunda yodladi. Ikki soat davomida muxlislar sevimli qo‘shiqlarini u bilan birga kuyladilar, gullar taqdim etdilar va artistni tik turib olqishladilar.