TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Taniqli aktrisa Shahzoda Matchonovaning to‘y marosimi 25-noyabr kuni Toshkentdagi restoranlardan birida bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi "Darakchi" gazetasi.
U bu haqda "MY-5" telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Shahzodaning aytishicha, u turmush qurish qaroriga kecha yoki bugun kelmagan. Bu haqda ancha vaqt o‘ylagan va o‘zini bunga tayyor his qilganidagina ushbu qarorni qabul qilgan.
Aktrisa bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining shou-biznesga aloqasi yo‘qligini, san’atning boshqa turi bilan shug‘ullanuvchi oddiy inson ekanligini aytdi.
Tez kunlarda aktrisaning hayotida yana bir quvonchli voqea sodir bo‘ladi — Shahzoda Matchonova ishtirokidagi Yolqin To‘ychiyevning “Ma’suma” filmi premyerasi bo‘lib o‘tishi ham rejalashtirilgan.