TOShKENT, 22 noya – Sputnik. O‘zbekistonlik afsonaviy bokschi Rufat Risqiyev og‘ir ahvolda shifoxonada yotibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bokschi koma holatida. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabar berilmoqda.
"Rufat Asadovich komada… Unga salomatlik tilaylik", deyiladi tarmoqdagi xabarda.
Shu yilning sentabr oyi oxirlarida Toshkent shahridagi 16-shifoxonada shifokorlar venalar trombozining og‘irlashishi sababli Rufat Risqiyevning o‘ng oyog‘ini tizzadan pastini kesib tashlash uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazishgandi.
2 oktabr kuni 67 yoshni qarshilagan Rufat Risqiyev 1974-yilda Gavanada jahon chempioni bo‘lishga erishgan. U shuningdek, 1976-yilgi Monreal Olimpiadasida finalga qadar yetib borgan yagona sovet bokschisi hisoblanadi.
Rufat Risqiyev – SSSR Xalqlari spartakiadasining ikki karra chempioni, Sovet Ittifoqining to‘rt karra chempioni, Jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sovrindori. SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi. AQSh, Kuba, Avstriya, Yugoslaviya, Ispaniyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlar g‘olibi. Markaziy Osiyodagi ilk xalqaro toifadagi professional boks sudyasi. "Hurmat Belgisi", "Buyuk xizmatlari uchun", "El-yurt hurmati" ordenlari kavaleri. Yaqin o‘tmishda – O‘zbekiston Professional boks federatsiyasining vitse-prezidenti, ayni paytda – oddiy pensioner.