TOShKENT, 22 noya — Sputnik. "Ata Meken" fraksiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayev matbuot anjumanida Almazbek Atambayevning iste’fosi borasida tashabbus bilan chiqishini e’lon qildi.
Uning aytishicha, konstitutsiyaning 63-moddasida prezident davlat rahbari vazifasini bajarayotgan chog‘ida o‘zining partiyaga a’zoligini to‘xtatib turishi va partiya faoliyati bilan bog‘liq har qanday harakatni amalga oshirmasligi shart. Harakat deyilganda "har qanday yo‘l bilan bildirilgan sha’ma va maqbul topishlar" tushuniladi, dedi u.
"Afsuski, Atambayev o‘zining bevosita majburiyatlarini bajarmayapti va QSDP faoliyatida ishtirok etmoqda. Fevralda bo‘lib o‘tgan partiya syezdida siyosiy kengash tashkil etilib, uning tarkibiga prezident atrofidagi shaxslar: Farid Niyazov, Ikram Ilmiyanov, Kubanichbek Kulmatov, Albek Ibraimovlar kirgan. Yana bir holat: Atambayev prezident etib saylanganidan so‘ng partiya raisi lavozimidan ketgan, lekin ushbu lavozim haligacha bo‘sh turibdi — bu ko‘p narsani bildiradi", — dedi Tekebayev.
U prezident partiya faoliyatida bevosita va bilvosita ishtirok etayotgani haqida dalillar ko‘pligini bildirdi.
"Bu konstitutsiyaning muhim bandlaridan biriga ziddir. Prezident hakam bo‘lishi va mamlakatda teng huquqli siyosiy raqobatni ta’minlashi darkor. Afsuski, u o‘z vazifasini bajarmayapti. Shuning uchun "Ata Meken" partiyasi ashyoviy dalillarni to‘plash va ular asosida impichment jarayonini boshlash uchun xulosa tayyorlash taklifi bilan chiqadi", — dedi fraksiya yetakchisi.
U mart oyigacha barcha zarur dalillar yig‘ilishi va hujjat tarzida tayyorlanishi rejalashtirilganini aytdi.
Ilgariroq deputatlar prezident Almazbekom Atambayev va "Ata Meken" muxolif partiyasi rahbari Omurbek Tekebayev o‘rtasida "dalillar urushi" boshlanganini bildirishgandi.
Oktabr oyida gazetalardan birida "atamekenchilar" Omurbek Tekebayev, Aida Salyanova va Almambet Shikmamatovlar go‘yoki Southfield Management Inc offshor kompaniyasida o‘z ulushlariga ega ekanligi haqida xabar paydo bo‘lgandi. Nashrning bildirishicha, firma Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Kurmanbek Bakiyevning o‘g‘li Maksim nomiga rasmiylashtirilgan. Maqola muallifi ular 2012-yilda keyinchalik aksiyalarining yarmi 50 million dollarga sotilgan MegaCom kompaniyasining mulk huquqini tiklashda yordam berishgani uchun haq olishganini yozgan.
Bu xabar 14-noyabr kuni Qirg‘iziston davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Abdil Segizbayev prezidentga Beliz davlatidan trast hujjati olingani haqida ma’lum qilganidan so‘ng tasdiqlandi. Hujjatda qirg‘izistonlik uch nafar siyosatchi MegaCom aksiyalarining 50 foizi sotilishiga qiziqish bildirishayotgani aytilgan. Prezident shu kuniyoq bosh prokuraturaga mazkur ma’lumotni tekshirishni buyurdi.
Shuningdek, sentabr boshidagi matbuot anjumanida Tekebayev davlat rahbari Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi Kurmanbek Bakiyevning yer uchastkasida uy qurayotganligini ma’lum qildi. Bu joy davlat hisobiga o‘tkazilmagan va qo‘ldan-qo‘lga o‘tib Atambayevning mulkiga aylangan, degan u. Bosh prokuratura bu masala yuzasidan o‘z xulosasini bergan.