TOShKENT, 21 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston—Britaniya kengashi (SSO‘BK) hamraisi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Barbara Logan Xeyni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV saytida xabar qilindi.
Barbara Xey kengashning 23-majlisida ishtirok etish uchun Buyuk Britaniya biznes vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaga bosh bo‘lib O‘zbekistonga kelgan.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari O‘zbekiston—Britaniya kun tartibi nuqtayi nazaridan muhokama qilindi. Barbara Xey Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan SSO‘BKning 23-majlisi hamda O‘zbekistonning qator vazirlik va idoralaridagi uchrashuvlar yakunlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Hozirgi kunda SSO‘BK savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishning samarali mexanizmlaridan biri hamda ikki davlat ishbilarmon doiralari hamkorligining muhim platformasi hisoblanadi.
Suhbat davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Alan ishtirok etdi.