TOShKENT, 19 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 19-noyabr kuni Rossiyadagi O‘zbekiston Elchixonasida o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi va yoshlarga O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi, saylov tizimini takomillashtirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar hamda ovoz berish jarayoni haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Elchi, shuningdek, ushbu tadbirda ishtirok etganlari uchun O‘zbekistonlik talabalarga minnatdorchilik bildirdi va barchani 4-dekabr kuni ovoz berish jarayonida qatnashishga chorladi.
"Men barchalaringizni 4-dekabr kuni elchixonamizda tashkil qilingan 26-sonli saylov uchastkamizga tashrif buyurishga va saylovlarda qatnashishga chorlayman.Ovoz berish jarayonida ishtirok etib, o‘zingiz munosib deb topgan nomzodga ovoz berishingizni so‘rayman. O‘ylaymanki, bu bilan siz o‘z taqdiringizni va kelajagingizni belgilab olasiz. Hayotimizning bundanda farovon bo‘lishi siz va bizning ovozimizga bog‘liq", — deb ta’kidladi Bahrom Ashrafxonov.
Elchi, o‘z chiqishini yakunlar ekan, Rossiyadagi o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishlarida omad tilab, aqlli va Vatanga munosib avlod bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi.
Tadbir davomida, to‘planganlarga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari muddatdan oldingi saylovlarda ishtirok eta olmasliklari haqida aytib o‘tildi.
"Prezident saylovlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari 4-dekabr kuni Moskva va Novosibirsk shaharlarida (Elchixona hamda Bosh Konsullik binolarida) tashkil qilingan saylov uchastkalariga tashrif buyurishlari mumkin. Moskva shahridagi Elchixonada tashkil etilgan saylov uchastkasi ertalabki soat 06.00dan kechki 20.00ga qadar o‘z ishini davom ettiradi", — deb ma’lum qildi Sputnik O‘zbekistonga Moskvadagi Elchixona vakili.