TOShKENT, 18 noya – Sputnik. Bugun O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi va rahbarligi ostida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligiga 25-yil to‘ldi.
Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i o‘zbekistonlik har bir fuqaroga g‘urur va faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Milliy bayrog‘imizni xalqaro tashkilotlar, elchixona va vakolatxonalarimiz peshtoqida ko‘rganimizda, Osiyo va jahon miqyosidagi xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz sharafiga baland ko‘tarilganida qalbida Ona Vatanga muhabbat, vatanparvarlik hissi bo‘lgan har bir yurtdoshimiz cheksiz his-hayajonga tushadi, ko‘zlariga quvonch yoshlari keladi.
Davlat bayrog‘i respublika tabiatiga mos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy o‘zligini ham aks ettiradi.
Bayroqdagi havo rang – zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Shavkatli Amir Temur ham o‘z bayrog‘iga shu rangni tanlagan.
Oq rang – tinchlik va poklik timsolidir. Bayrog‘imizdagi bu rang yo‘limizning musaffo va charog‘on bo‘lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.
Yashil rang – serne’mat va orombaxsh tabiat timsoli.
Qizil chiziqlar esa tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni — hayotiy qudrat, barqarorlik va bardavomlik nishonasidir.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq bo‘lib, u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri tarixiy an’analarimiz, o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzini anglatadi.
Niyatimiz, mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i hamisha hilpirayversin.