TOShKENT, 18 noya — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston tahririyatiga O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyovning e’tiborini Toshkentdagi Osiyo (sobiq Murtazoyev) ko‘chasidagi holatga qaratish iltimos qilingan maktub keldi.
Uch yildan oshdiki, 142-maktab joylashgan ushbu ko‘chadan tinmasdan yuk mashinalari qatnaydi.
"Bizga 142-maktab yaqinidan ulkan furalar qatnovini cheklash uchun yordam zarur. Aksariyat ota-onalar farzandlarini har doim ham maktabgacha o‘zlari olib borib qo‘ya olmasliklarini yaxshi tushunishadi. Aytgancha, ko‘chadagi piyodalar kesib o‘tadigan yo‘lak ham yuk mashinalarinin og‘irligidan egri-bugri holatga kelib qolgan. Hattoki katta kishilar ham yo‘ldan o‘tayotib qoqilganliklariga guvoh bo‘ldik. Yaqinda yo‘lning o‘rtasida daftar-ruchkalar sochilib yotganini ko‘rdik. O‘quvchi bola bu qo‘rqinchli yo‘lni kesib o‘ta olgan, daftar-ruchkalar esa uning rukzagidan tushib qolgan xolos, deb umid qilamiz…", — deb yoziladi maktubda.
Xavotirlanayotgan ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ular turli idoralarga bir necha bor murojaat qilishgan, lekin bu murojaatlardan hech qanday naf bo‘lmagan. Yuk mashinalari har kuni Kichik halqa yo‘lidan buriladi va ikkita maktab, bolalar bog‘chalari, 15-shahar kasalxonasi yonidan qatnab avariya holatlarini keltirib chiqaradi.
"Furalar maktablar yaqinida ko‘pincha to‘xtashmaydi… Yo‘l qiya bo‘lib, furalar undan o‘tish uchun katta tezlikda yurishadi. O‘g‘lim 142-maktabda o‘qiydi va darsdan keyin mana shu qo‘rqinchli yo‘ldan o‘tib uyga qaytadi. Nafaqat men, balki barcha ota-onalar DAN e’tiborini mana shunga qaratishga bir necha marta urindi. Lekin natijasi bo‘lmadi. Bolalar bu yo‘lni "rus ruletkasi", deb atashadi", — deya qo‘shimcha qilinadi maktubda.
Ularning aytishlaricha, bu masala bir necha bor maktab direktori va kasalxona rahbariyatiga olib chiqilgan, ammo hamma lavozimidan ajralishdan cho‘chib, indamaslikni ma’qul ko‘radi. Tashvishga tushgan ota-onalar butun respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlanish uchun Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor ekanliklarini bildirishgan.