TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Timsohning o‘limiga bolalar o‘yinchog‘i sabab bo‘lgan, deb xabar qilingan Toshkent hayvonot bog‘i rasmiy saytida.
"Hurmatli Vatandoshlar! Volyer(tashrif buyuruvchilardan to‘siq)lar ichidan topiladigan turli-tuman predmetlar oxir-oqibat jonivorlarning o‘limiga olib kelayotgani haqida bundan oldin ham bir necha marotaba xabar berganmiz.
Nil timsohi bilan ham shunday hodisa ro‘y berdi. "Boy" laqabli timsoh, uch yil oldin Isroildan olib kelingan edi. O‘tgan yillar davomida 120 sm bo‘lgan timsohning uzunligi 2 metrdan oshdi, u bizning mahalliy shart-sharoitlarimizga moslashdi.
Afsuski, 10-noyabr kuni Boy nobud bo‘ldi. Oshqozonini o‘rgangan vaqtimizda, undan bolalar o‘yinchog‘i topildi.
Hurmatli do‘stlar, tashrif buyuruvchilar! Bizning jonivorlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlaringizni so‘raymiz. Ogoh bo‘ling! To‘siqlar ichiga turli narsalar tashlamang. Agar shunday holatning guvohi bo‘lsangiz, navbatchilarimiz, qo‘riqchilarimiz yoki bog‘ ma’muriyatiga xabar bering.
Bizning jonivorlarimizga haqiqiy do‘st bo‘ling", — deyiladi xabarda.