TOShKENT, 16 noya — Sputnik, Anton Kurilkin. Moskvada bo‘lib o‘tgan "MDHga 25-yil: O‘zaro tushunish, hamkorlik, taraqqiyot" forumi doirasida Sputnik O‘zbekiston muxbiri Xalqaro islom missiyasi raisi Shafig Pshixachev bilan islom diniga nisbatan tahdidlar, Rossiya musulmonlarining Markaziy Osiyodagi dindoshlari hamkorligi va Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgani haqida suhbatlashdi.
— Bugungi kunda yoshlar ongida islomning radikallashuviga qarshi qanday kurashish mumkin?
— Yoshlar ongiga islomning haqiqiy qadriyatlarini singdirish darkor. Bugungi kunda har qanday g‘oyani radikallashtirish mumkin, har qanday g‘oyani mutaassiblikka yetkazish mumkin.
Islom dinidan bugungi kunda islomda qoralangan manfur, gunoh amallarni bajarish uchun foydalanishmoqda.
Shuning uchun yosh musulmonlar ongiga insonparvarlik va tinchlikparvarlikka asoslangan sof islomiy qadriyatlarni singdirish lozim. Hayotning asosini tashkil etuvchi qadriyatlarni saqlab qolishimiz darkor.
Inson qanday qilib ota-onasiz yashashi mumkin? Zero inson Parvardigor inoyati bilan oilada dunyoga keladi. Bugun esa biz an’anaviy qadriyatlarning buzilayotganini ko‘rmoqdamiz.
Biz qo‘shnilar bilan yashaymiz. Islomda qarindoshga nisbatan qo‘shnining haqqi yuqoriroq turadi. Qanday qilib boshqa dinga e’tiqod qiladigan yoki sening fikringga qo‘shilmaydigan qo‘shnini yo‘q qilish kerak deyish mumkin? Bu islom dini emas!
Terrorchilar o‘zlarining insoniyatga nafrat to‘la mafkurasini targ‘ib qilish uchun internetdan faol foydalanishmoqda. Biz ham islomiy qadriyatlar yoshlar ongiga yetib borishi uchun internetdan foydalanishimiz darkor.
— Kavkaz musulmonlari boshqarmasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qiladimi?
— Afsuski, o‘zaro samarali munosabatlar va hamkorlik haqida gapirish qiyin. Biz Markaziy Osiyo davlatlaridagi dindoshlarimiz bilan hamkorlik qilishni juda istardik. Lekin ayrim holatlar bunga imkon bermayapti. Umid qilamanki, men tahsil olgan Buxoro madrasasi MDH davlatlari musulmonlarini birlashtiradigan o‘quv dargohi rolini bajaradi.
Biz musulmonlar ta’lim dasturini rivojlantirishimiz zarur. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida qandaydir ta’lim tizimiga egamiz. O‘zbekiston ham ana shunday ta’lim tizimiga ega va bu tizim bir pog‘ona yuqorida turadi. O‘zbek maktabi an’naviy, kuchli maktab. Biz O‘zbekistondagi islomiy ta’limga ijobiy qaraymiz va ulardan o‘rganadigan narsamiz ko‘p.
Albatta, o‘zaro munosabatlar va hamkorlik borasida qiyinchiliklar bor. Lekin bugungi voqelik jarayonida salbiy holatlarga qarshi kurashish uchun birlashishimiz darkor.
— O‘zaro hamkorlikdagi muammolar nimada?
— Ayrim iqtisodiy va siyosiy sabablar tufayli Rossiya Federatsiyasi bilan dindoshlarimiz o‘rtasida erkin muloqot qilish va dasturlar, loyihalarni amalga oshirish imkoni bo‘lmayapti. Qozog‘iston va Tojikiston musulmonlari uyushmalari bilan hamkorlik qilamiz. Lekin to‘laqonli o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Sobiq sovet makonida yagona ta’lim dasturiga ega bo‘lishni istardik, bu bizlarni birlashtirgan bo‘lardi.
— Ya’ni bugungi kunda butun sobiq SSSRning musulmonlari bo‘linib ketgan deyish mumkin?
— Ha, shunday deyish mumkin. Bizni yagona maslak, o‘zaro hurmat birlashtirib turadi, lekin o‘zaro hamkorlik mavjud emas.
— MDH davlatlariga hamkorlikdagi ta’lim loyihalari kerakmi?
— Tajribamdan kelib chiqib javob bersam. Men Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olganman. O‘zbekiston mening ikkinchi vatanim bo‘lib qolgan, O‘zbekistonga bo‘lgan hurmatim juda yuqori. Mening kamolga yetishim va insoniy qadriyatlarni anglashim aynan Buxorodagi madrasada ta’lim olgan davrimga to‘g‘ri keladi. Men madrasaga 17 yoshimda o‘qishga kirganman, o‘sha yerdan harbiy xizmatga ketib, xizmatni o‘tab qaytgach yana o‘sha yerda o‘qishimni davom ettirganman. O‘zbekiston mening hayotimda muhim ahamiyatga ega. Hayotga bo‘lgan qarashlarim O‘zbekistonda shakllangan va hayot sabog‘ini Buxoroda Mir Arab madrasasida olganman.
Islom o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarimizni O‘zbekistonga yuboradigan bo‘lsak, ular Mir Arab madrasasining qadimiy devorlariga singgan fayzdan bahramand bo‘lishadi, deb hisoblayman. Toshkentdagi madrasa haqida ham shunday fikrdaman. Birgalikda ta’lim loyihalarini ishlab chiqishimiz shart. Chunki bu hammamiz uchun zarur.