TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Urganch shahridagi "Xorazm Ravon tran" mas’uliyati cheklangan jamiyati xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda — korxonaning yengil taksi haydovchilari bayram kunlari shahar ichi yo‘nalishlari bo‘ylab homilador ayollar va nogironlarni bepul o‘z manziliga yetkazadi, deb ma’lum qildi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi.
Mazkur tashabbus jamiyat rahbariyati va haydovchilarning o‘zlaridan chiqdi. Yil boshidan buyon har bir bayramda korxonaga qarashli yo‘nalishsiz taksi avtomobillari shahar hududida nogironlar va homilador ayollarga bepul xizmat ko‘rsatmoqda.
"Xorazm Ravon trans" MChJ rahbariyati endilikda tug‘ruqxonadan "yangi mehmon" bilan chiqqan yosh onalarni uylariga bepul yetkazib qo‘yishni tashkil etish niyatida.
"Har kim qurbi yetgancha savob ish qilganiga nima yetsin! Odamlarga yaxshilik qilsangiz, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zsangiz, o‘zingiz ham ruhiy halovatga erishasiz. Shunday ekan, boshlagan xayrli ishlarimizni aslo to‘xtatib qo‘ymaymiz", – deydi korxona rahbari Odilbek O‘rozov.
"Xorazm Ravon trans" ko‘p yillarlan buyon shaharda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi kunda korxona tasarrufida 26 ta yengil avtotransport vositasi mavjud.