TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani Parchaqora qishlog‘ida yashovchi nafaqaxo‘r Orzigul aya, bugungi yoshlarga o‘rnak bo‘lishi mumkin, deb yozadi Zarafshon nashri.
Orzigul Xidirova uzoq yillar 18-maktabda O‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishlab keldi. Bir necha yil oldin nafaqaga chiqqan Orzigul aya, uyda bekor o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmay, tadbirkorlikka qo‘l urdi.
Tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi bilan shartnoma tuzib, chorak gektar yerda ko‘k terak va tez yetiladigan kaliforniya shamshod teragi ko‘chatlaridan ekib, parvarish qilishga kirishdi. Ko‘p o‘tmay tashlandiq bo‘lib yotgan yerda mo‘’jazgina o‘rmoncha paydo bo‘ldi.
— Hademay bu teraklar imoratbop yog‘ochlarga aylanadi, — deydi Orzigul Xidirova. — Eng muhimi, biz ekkan daraxt atrof-muhitning musaffo bo‘lishiga yordam berayotganidan xursandman.
Darvoqe, O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani va to‘siqlari olib tashlanayotganidan ruhlangan Orzigul Xidirova yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. O‘zi Yashab turgan hovli etagida hovuzcha qurib uni ariq suvi bilan to‘ldirdi.
— Yil boshida havzaga 45 kilogramm oq amur va laqqa baliq chavog‘i tashlagan edik, — deydi Orzigul aya tashkil qilgan baliqchilik xo‘jaligi boshlig‘i Akram Meliyev. — Hozir ular 1-1,5 kilolik baliqqa aylangan. Shu yilning o‘zida el dasturxoniga 1,5 tonna baliq yetkazib berishni rejalashtirganmiz.