TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Belgiya senatining sobiq rahbari Armand de Deker o‘zi a’zo bo‘lgan "Reformistik harakat" (MR) partiyasining axloq bo‘yicha qo‘mitasiga chaqirildi.
Bunga uning o‘zbek tadbirkori Fattoh (Patoh) Shodiyevga Belgiyada jinoiy jazodan qutulib qolishda yordam bergani uchun Fransiya hukumatidan 740 ming yevro olgani haqida mahalliy ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalar sabab bo‘ldi, deb xabar beradi RNS agentligi.
Belgiyaning Le Soir nashri va Fransiyaning Mediapart internet-portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2011-yilda de Deker Belgiya adliya vaziriga Shodiyevdan korrupsiya bo‘yicha ayblovlarni zudlik bilan olib tashlashni so‘rab bosim o‘tkazgan.
OAVning ma’lumot berishicha, de Deker Yelisay saroyi topshirig‘i bo‘yicha harakat qilgan. O‘sha davrda Qozog‘iston bilan Airbus vertolotlari savdosi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan. Taxminlarga qaraganda, Shodiyev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga katta ta’sir ko‘rsata olgan va Fransiyaga shartnoma tuzilishida yordam bergan.
Yelisey saroyi de Dekerga Shodiyevdan rekord muddatda ayblovlar olib tashlanganidan so‘ng "350 soat yurist sifatida faoliyat ko‘rsatgani uchun" 740 ming yevro gonorar to‘lagan. U sudgacha tartibda Brusselga 23 million yevro to‘lagan. De Dekerning o‘zi adliya vaziriga bosim o‘tkazganini rad etmadi, lekin o‘sha paytda Nikolya Sarkozi prezidentlik qilgan Fransiya bilan har qanday aloqasi bo‘lganini inkor qildi.
Fransuz huquqni muhofaza qiluvchi organlari 2012-yilda Qozog‘iston bilan Airbus sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilish holatlarini o‘rganmoqda.
Kelib chiqishi jizzaxlik bo‘lgan milliarder Fattoh Shodiyev 1997-yildan buyon Belgiya pasportiga ega va Belgiyada boyligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. U 1992-yilda tadbirkor hamkorlari Aleksandr Mashkevich va Alijon Ibragimlar bilan foydali qazilmalarni qazish bilan shug‘ullanuvchi Eurasian National Resources (ENR) kompaniyasiga asos solgan.
De Deker 2007-2010 yillarda Belgiya senatini boshqargan, ayni paytda Brusseldagi Yukkl kommunasining burgomistri hisoblanadi. U "Reformistik harakat" (MR) partiyasining a’zosidir.