TOShKENT, 10 noya – Sputnik. Bugundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Tashqi vazirining virtual qabulxonasi faoliyat yurita boshladi. Bu haqda vazirlik rasmiy veb sahifasida xabar berilmoqda.
"Dunyoning barcha mintaqalaridan jismoniy va yuridik shaxslar kunu tun o‘z savol, ariza, shikoyat va takliflari bilan bevosita Tashqi ishlar vaziriga murojaat etishlari mumkin", — deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, murojaatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri veb sahifa yoki ishonch telefoni (+998-71-233-28-28) orqali yo‘llash imkoniyati mavjud.
Bundan ilgariroq Davlat raqobat qo‘mitasi raisi va Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti rektorining virtual qabulxonalari ochilgan edi.
O‘zbekistonda real natija ko‘rsatayotgan virtual qabulxona dastlab Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning qabulxonasiga 70 mingdan ortiq murojaatnomalar kelib tushdi va ularning aksariyati o‘z yechimini topdi.