TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Bugun Toshkentda O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi va jamoat arbobi Abdulla Oripovni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Marhumning jasadi tungi soat 2:30da AQShdan O‘zbekistonga keltirildi. Marhumning do‘stlari aytishlaricha, samolyot Frankfurt va Moskva orqali uzoq parvozni amalga oshirgan. Shoirning jasadi poytaxt aeroportidan maxsus transport yordamida Do‘rmondagi shoir qarorgohiga olib kelindi. Shoirni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun uning uyida yaqinlari va qarindoshlari, do‘stlari, madaniyat va san’at arboblari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jamuljam bo‘ldilar.
Ta’ziya marosimida O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. U bilan birga hukumat a’zolari va Prezident devoni xodimlari ham qatnashdilar.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov uzoq kasallikdan so‘ng AQShda vafot etdi. U Toshkentdagi “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etildi.
Mashhur shoirni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun kelganlar o‘zlari bilan gul va guldastalar, shoirning kitoblarini olib keldilar va ko‘zosh to‘kdilar. Yig‘ilganlar Abdulla Oripovning o‘g‘li Ilhomga ta’ziya bildirdilar.
Rejissor va ssenariynavis Sobir Nazarmuhammedovning aytishicha, butun boshli afsona, buyuk shoir va o‘z ishiga sadoqatli ijodkor bu olamni tark etdi.
"U bir soniya ham ijoddan to‘xtamasdi, hattoki kasalligiga ham qaramasdan she’rlar yozishda davom etdi. Bunday ijodkorlar endi qolmadi va yana shunday ijodkorlar bo‘ladimi, bilmadim", — deya qayg‘u bilan so‘zladi suhbatdosh.
Ko‘pchilik Abdulla Oripovni o‘zbek she’riyatining klassigi deb atardi, uning adabiyotga qo‘shgan bebaho hissasi haqida so‘z borganda Alisher Navoiyga qiyoslashardi. Shoirning do‘st va hamkasblari bugungi o‘zbek adabiyotida Oripovga tenglashadigan ijodkor yo‘qligini, u yozgan asarlar hech qachon unutilmasligini qayd etdilar.
"Otam xalq hurmati va e’tirofiga sazovor bo‘lganliklarini ko‘rib turibman. U bizni tashlab ketgani bilan otam o‘zidan qoldirgan asarlar mangu yashaydi. Otam yodi hamisha qalbimda qoladi, uni so‘nggi yo‘lga kuzatishga va bu og‘ir damlarda oilamizni qo‘llab-quvvatlayotganlarga rahmat aytaman", — dedi Ilhom Oripov.
Abdulla Oripov xalq, ona vatan va ularga bo‘lgan muhabbat haqida ko‘plab asar va dostonlar bitgan. U shuningdek, Dante Aligyeri, Nikolay Nekrasov, Lesya Ukrainka, Taras Shevchenko, Qaysin Quliyev va boshqa ko‘plab jahon adabiyoti darg‘alarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Uning ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan biridir. Abdulla Oripovga 1998-yilda "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni berilgan.