TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Hindiston elchixonasining Islomoboddagi uch xodimi Pokiston hukumati tomonidan qo‘yilgan josuslik to‘g‘risidagi ayblovlardan so‘ng Pokistonni tark etishdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Aytish joizki, Hindiston o‘z diplomatlari nomiga bo‘layotgan ayblovlarni qat’iy rad etib kelmoqda. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston hukumatini diplomatlar xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan hamda ularning ehtimoliy chaqirib olinishi yuzasidan "umumiy holatdan, jumladan, xavfsizlik omilidan kelib chiqqan holda" qaror qabul qilishini bildirib o‘tgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, OAVlarda "josuslik" bilan bog‘liq janjalli maqolalar chop etilgach Pokiston hukumati Hindistonning Nyu-Dehlisidan taxminan olti nafar diplomatlari chaqirib olishga majbur bo‘lgan va shundan so‘ng Hindistonning sakkiz nafar diplomatini "shpionlikda" ayblagan.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi "josuslik" mojarosi 27-oktabrda avj olgan: Hindiston hukumati josuslik ayblovi bilan qisqa muddatga hibsga olingan Pokiston elchixonasining Nyu-Dehlidagi xodimi Maxmud Axtarni mamlakat "qora ro‘yxati"ga kiritgan edi. Xabarda aytilishicha, o‘shanda Nyu-Dehli hukumati Pokiston "josuslik tarmog‘i"ni fosh qilganini e’lon qilgan. Oradan bir necha soat o‘tgach, Pokiston hind diplomati Surjit Singxni shpionlik faoliyatida ayblab, mamlakat "qora ro‘yxatiga" kiritganini e’lon qilgan.