TOShKENT, 7 noya – Sputnik. 6-noyabr kuni shoir Ahad Qayum o‘zining Instagramdagi sahifasi orqali marhum shoir Abdulla Oripov hayotlik chog‘ida yozgan she’rini omma e’tiboriga havola qildi. Uning ma’lum qilishicha, bu she’rni eshitgach, shoirning do‘stlari va farzandlari uni e’lon qilmaslikka ahd qilishgan. Ushbu she’rda shoir o‘z o‘limi haqida yozgan.
"Abdulla Oripov bu she’rni yozib, o‘qib berganlarida yonidagi do‘stlari, bolalari ho‘ng-ho‘ng yig‘lagan edilar. Hatto bu she’rni e’lon qilmaymiz, deb turib olgandik. Nachora, mana, e’lon ham qildik. Ming afsus…" deb yozadi Ahad Qayum va marhum shoirning "Chidaysan, bolam" she’rini havola qiladi.
ChIDAYSAN, BOLAM
Jismimni ko‘tarib turibdi tuproq,
Yerning ustidaman, yo‘q zarra nolam.
O‘zi chorlar bir kun bag‘riga, biroq
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.
Hay dunyo, o‘zingni bir pulga sotding,
Kalava topding-u uchin yo‘qotding.
Men kabi oxiri g‘aflatda qotding,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.
Inson ezgulikdan topgay farog‘at,
Nima zarur unga zulmu qabohat.
Kimdir urishtirib, qilgaydir rohat,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.
Yerni ham, ko‘kni ham ayladim tavof,
Lekin hech biridan chiqmadi javob.
Bo‘g‘zimda “Nega?” deb qotdi bir xitob,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.
Dunyoga boqmadim men aslo yovdek,
Goho to‘ssa hamki yo‘limni g‘ovdek.
Har holda, gaplashdik ikki soqovdek,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.
Abdulla Oripov 5-noyabr kuni uzoq kasallikdan so‘ng AQShning Xuston shahridagi shifoxonada vafot etdi. Uning jasadi ortilgan samolyot bugun AQShdan O‘zbekistonga kelib qo‘nadi. 8-noyabr kuni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat va jamoat arbobi, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etilishi kutilmoqda.