TOShKENT, 6 noya — Sputnik. O‘zbekiston aholisi 13-14 noyabr kunlari Super Oy hodisasini kuzatishi mumkin, deb xabar qilmoqda Ut.uz nashri.
Super Oy — bu astronomik hodisa bo‘lib, u Oy to‘lishi va uning Yerga eng yaqin masofaga kelish hodisalari bir vaqtga to‘g‘ri kelganda sodir bo‘ladi. Ma’lumki Oy Yer atrofida elipsga o‘xshash trayektoriyada aylanadi, ya’ni yil davomida oy ikki marta yerga yaqin kelib, ikki marta yerdan uzoqlashadi. Yer oydan uzoqlashganda u kichikroq bo‘lib, yaqinlashganda esa kattaroq bo‘lib ko‘rinadi.
Bu yilgi Super Oy hodisasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Oltoy o‘lkasi va G‘arbiy Sibir hududlarida yashaydigan aholiga ayniqsa yaxshi ko‘rinadi. Asosiysi osmon bulutli bo‘lmasa bo‘lgani.
Olimlar aytishiga qaraganda bu yilgi Super Oy hodisasi oxirgi 70-yil ichida eng qiziqarlisi bo‘lishi kutilmoqda. 13-14 noyabr kunlari gorizontda ulkan och pushtirang Oyni tomosha qilish mumkin bo‘ladi.