TOShKENT, 5 noya – Sputnik. O‘zbekistonning Artel kompaniyasi ishlab chiqargan maishiy texnika mahsulotlari Ukraina bozorlariga chiqadigan bo‘ldi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar bermoqda. Kiyevdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi tomonidan tashkillashtirilgan o‘zbek-ukrain ishbilarmonlar uchrashuvi yakunida bu borada kelishuvga erishildi.
Ushbu voqea yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ukrainalik maishiy texnika ekspertlari O‘zbekiston sanoati MDH davlatlari orasida jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Bunda maishiy texnika va elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish asosiy yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Artelning Ukrainadagi eksklyuziv distribyutori Sergey Bulgakovning aytishicha, kompaniya o‘zining ishonchli hamkor ekanligini isbotladi.
"Uning mahsulotlari xorij davlatlarida ham ommabop bo‘lib, yuqori sifat talablariga javob beradi. Ukrainalik iste’molchilar tomonidan mazkur kompaniyaga bo‘lgan ishonch ortib bormoqda, bu esa mahalliy bozorga uning mahsulotlarini yetkazish hajmini sezilarli ravishda oshiradi", — dedi u.
Bulgakovning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yil uchun hamkorlikda qator rejalar tuzilgan. Xususan, Ukrainada brendning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tadi, Kiyevda kompaniyaning birinchi shourumi ochiladi hamda xaridorlar uchun turli aksiyalar tashkil etiladi.