TOShKENT, 5 noya – Sputnik. O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamg‘armasi va Ucell kompaniyasi bolalarning farovonligini yaxshilashga hissa qo‘shish maqsadida kelishuv imzoladi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
Ushbu hamkorlik birinchi navbatda Jizzax, Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis hududlarida joylashgan 30ta maktabda sanitariya texnik va suv ta’minot inshootlarini barpo etish hisobiga ushbu sohadagi holatni takomillashtirishga qaratilgan.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston hukumatining dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, bolalar salomatligini kafolatlash va ularni diareya kabi kasalliklardan muhofaza qilishga yo‘naltirilgan.
"Bolalar farovonligi har birimizning vazifamiz va xususiy sektor bolalar muammolarini tobora o‘z ijtimoiy majburiyati sifatida qabul qilmoqda", — dedi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman.
Hamkorlik innovatsion texnologiyalar sohasini ham qamrab oladi, shuningdek xususiy tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash, va shu orqali biznes subyektlarini bolalar muhofazasi bilan bog‘liq jarayonlarga keng jalb qilishni ko‘zda tutadi.