TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali xabar qildi.
Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzod o‘zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutishini ta’kidladi.
U madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzey, arxiv, kutubxona va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiya va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratdi.
Nomzodning aytishicha, O‘zbekiston, jumladan, Xorazm ko‘p asrlik tarix va nodir madaniy-tarixiy merosga ega.
"Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi", dedi u.
Otamuratovning fikricha, turizm iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning muhim omili sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimiga, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq qator tarmoqlari infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo‘lib, yanada ommaviylashadi.
Uning aytishiga ko‘ra, sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo‘ljallangan obyektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta’minlash lozim.
Nomzod dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan davlat dasturini qabul qilish va unda aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va bunda genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, shu bilan birga, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.