TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalining ma’lum qilishicha, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod nutq so‘zlab, saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Dasturda mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilganligini kuchaytirish, aholi turli ijtimoiy qatlamlarining turmush sifati va darajasini yanada oshirish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Aholining barcha qatlamlari o‘z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘ruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish masalalari dasturning asosiy yo‘nalishlaridandir.
Dasturda, shuningdek, ijtimoiy soha, xususan, ta’lim tizimini isloh qilish borasida bir qator vazifalar ilgari surilgan.
Nomzod so‘nggi yillarda yoshlar orasida oliy ta’lim olishga intilish kuchayib borayotgani, birgina Termiz davlat universitetiga abituriyentlar soni belgilangan qabul kvotalariga nisbatan 18-20 barobar ortiqni tashkil etayotganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, dasturda oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda iste’dodli yoshlarni saralab olish sifatini oshirish hamda ta’lim-tarbiya sohasida uzviylikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator g‘oyalar ilgari surilganganligi e’tirof etildi.