TOShKENT, 1 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida joylarda uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun hududiy seminar-treninglarni uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar guruhlarining videokonferensaloqa shaklidagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda MSK saytida xabar berilmoqda.
Tadbirda Markaziy, okrug saylov komissiyalari a’zolari, deputatlar, saylov huquqi sohasi bo‘yicha olim va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasining 13-oktabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar rejasi qabul qilingan edi. 20-oktabr kuni ushbu reja asosida respublika seminar-treningi o‘tkazildi.
1-10 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirish hamda ularning saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etish belgilangan.
O‘tkaziladigan tadbirlardan maqsad uchastka saylov komissiyalari barcha a’zolarini qamrab olgan holda komissiya faoliyatining muhim jihatlariga, chunonchi saylov uchastkalarini jihozlash, saylovchilar ro‘yxatini tuzish va unga o‘zgartishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berishni hamda saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, kuzatuvchilar instituti ahamiyati, ommaviy axborot vositalarining saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashdagi roli singari muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratishdir.