TOShKENT, 1 noya — Sputnik, Kseniya Nabatkina, Anton Kurilkin. O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning "Lokomotiv" klubi himoyachisi Vitaliy Denisov Twitterda jurnalistlar haqida fikr bildirganidan keyin boshi g‘alvada qoldi.
Sports.ru portalidagi "Uzbekskaya kuxnya" blogi muallifi Yevdokim Raimovning Sputnik O‘zbekistonga aytishicha, uning milliy terma jamoa statistikasini yoritib boruvchi saytlardan birining yopilishi haqidagi fikriga javoban Denisov Twitterdagi akkauntida "men hozircha O‘zbekistonda o‘ta savodli jurnalistni uchratmadim! Kim nima desa desin bu fakt!!! Hamma o‘ziga ma’qulini yozadi" degan.
Bu fikr O‘zbekiston jurnalistlari va futbol muxlislari orasida noroziliklarga sabab bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslar boshlandi. Kimdir futbolchining gap-so‘zlarini, yana kimdir uning o‘yinini tanqid ostiga oldi.
"Qiziq zamonda yashayapmiz: bizning futbolchilarimiz o‘ta savodli jurnalistni uchratishmaydi, bizning termamiz murabbiylari esa o‘ta kuchli futbolchilarni uchratishmaydi! Aslida esa O‘zbekistonda har ikki toifadagilar bo‘lsa-da", — deb yozdi jurnalist Bobomurod Abdulla o‘zining Facebookdagi sahifasida.
Vitaliy Denisovning aytgan so‘zlari hattoki O‘zbekiston futbol federatsiyasini bu borada bayonot bilan chiqishga majbur qildi. Federatsiya rasmiy saytida bu holat jiddiy xavotir uyg‘otganligi bildirildi.
"O‘zbekiston terma jamoasi Vitaliy Denisov bilan bog‘liq holatni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda va futbolchining tvitter orqali yozgan fikri OAVda keng muhokama qilinayotganidan xavotirda ekanini bildiradi. Ayni paytda O‘zbekiston futbol federatsiyasi vaziyatni tubdan o‘rganmoqda hamda futbolchi bilan tushuntirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qiladi",- deya bayonot berdi federatsiya.
Federatsiya shuningdek futbol ommasidan vujudga kelgan tushunmovchilik bo‘yicha chuqurlashmaslikni so‘radi hamda 15-noyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin bo‘ladigan muhim o‘yin arafasida hammani jipslashishga chaqirdi.
Futbolchining o‘zi Twitterdagi akkauntini yopib qo‘ydi.
Moskvaning "Lokomotiv" klubi matbuot xizmati Vitaliy Denisov bu borada hech qanday izoh bermasligini ma’lum qildi.