TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Moskva markazida, Yakimanka tumanidagi respublika konsullik bo‘limi va mehmonxonasi yaqinida joylashgan xiyobonga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti nomi beriladi, deb xabar beriladi Moskva meriyasi saytida.
Konsulxona yaqinidagi nomsiz xiyobonga Islom Karimov nomini berishni so‘rab shahar rahbariyatiga Rossiya va O‘zbekistonning fan, siyosat va san’at arboblari murojaat qildi. Mazkur xiyobonga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti nomini berish to‘g‘risidagi qaror loyihasi Moskva hukumatining 1-noyabrdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq Rossiya poytaxtida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga atab yodgorlik xiyoboni barpo etish haqidagi taklifni Moskva meri huzuridagi hududiy birliklarni nomlash bo‘yicha shahar komissiyasi qo‘llab-quvvatlagandi.
Sputnik O‘zbekiston Moskva hokimiyati Islom Karimovga yodgorlik o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishi haqida xabar bergandi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni insult oqibatida vafot etdi. U o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Samarqand shahrida dafn etildi.