TOShKENT, 31 okt – Sputnik. Qirg‘iziston poytaxtidagi "Manas" xalqaro aeroportida samolyotda bomba borligi haqidagi xabar tufayli yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish vaqtincha to‘xtatildi, deb xabar qildi RIA Novosti aeroport matbuot xizmatiga asoslanib.
Ilgariroq Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati Bishkek IIB navbatchi pultiga Bishkek-O‘sh yo‘nalishidagi samolyotda bomba borligi haqida xabar kelib tushgani to‘g‘risida ma’lum qilgandi. Ushbu xabardan so‘ng reysning barcha yo‘lovchilari evakuatsiya qilindi. Hozircha portlovchi qurilma topilmagan. Tezkor qidiruv ishlari davom etmoqda.
"Evakuatsiya sababli to‘rtta: O‘sh, Moskva, Novosibirsk va Surgutga uchadigan reyslarga yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish vaqtincha to‘xtatildi", — deb ma’lum qildi Sputnik Qirg‘iziston.
Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yana nechta reysga ro‘yxatga olish to‘xtatilishi va parvozlarga qachon ruxsat berilishi operativ ishlar natijasiga bog‘liq bo‘ladi. Qirg‘iziston DMXQ va IIV xodimlari aeroport binolarini tekshirishni davom ettirishmoqda, barcha xodimlar va yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.