TOSHKENT, 30 okt — Sputnik. Oktyabrning oxirgi yakshanbasi, yaʼni bugun — avtomobil transporti haydovchilari kuni. Oʻzbekistonlik uzoq masofaga haydovchi (dalnoboyщik) Misha amaki oʻz tajribasi va sarguzashtlari haqida Sputnik muxbiriga soʻzlab berdi.
"Albatta men yoshligimdan dalnoboyщik boʻlib ishlashni orzu qilmaganman. Ittifoq tarqalib ketishi bilan, pullar qadrsizlanib ketdi. Turmush oʻrtogʻim bilan hisob raqamimizda toʻplagan barcha mablagʻlarimizdan ajralib qoldik. Zavodlar yoppasiga yopilishni boshladi. Men bir necha yil ish qidirib u yoqqa bu yoqqa boshimni suqib yurgan vaqtlarim, bir tanishim Rossiyaga yuk mashinasida borib kelishni taklif qilib qoldi. Shunday qilib men ushbu sohaga kelib qoldim", — deb hikoyasini boshlaydi Misha amaki.
Boshida bu oson ish boʻlib koʻringan edi, bir hafta rulga oʻtirsang hamyon toʻla pul boʻladi deb oʻylardik. Aslida esa, ancha murakkab va xavfli ish boʻlib chiqdi.
"Bugungi kunda koʻpchillik ushbu sohaga faqat pul uchun kelmoqda, chunki mamlakatda yaxshi ish topish qiyin. Imkoni borlar Rossiyaga joʻnab ketmoqda. Keta olmaydiganlar esa, bir iloj qilib Oʻzbekistonda moslashib olishmoqda. Oʻzbekistondagi oʻrtacha 100 $ oylik bilan solishtirganda oʻzoq masofaga yuruvchi haydovchining 800-1000$ oyligi katta mablagʻ boʻlib koʻrinishi mumkin", — deydi suhbatdosh.
Lekin bu faqat yuzaki qaraganda. Ushbu oylik butun kabinaga, yaʼni reysga chiqqan ikkala haydovchiga toʻlanadi. Shuning uchun koʻp haydovchilar hamroh olish yoki olmaslikni yaxshilab oʻylab koʻrishadi. Bir oʻzi yoʻlga chiqib koʻproq pul ishlashni, albatta, hamma xoxlaydi, lekin yoʻlda turli voqealar boʻlishi mumkin: mashina buzilishi yoki jinoyatchilarga duch kelish kabi. Oʻshanda hamrohnig yordami kerak boʻladi.
"Mening hamkasabalarim bir oʻzi yoʻlga chiqqanda turli noxush voqealar koʻp boʻlgan. Asosiy xavf — jinoyatchilarda emas, mashina buzilib qolishida. Ayrim hamkasabalarim mashinasi buzilib, sovuqdan halok boʻlgan. YO boʻlmasa yoʻl yoqasidagi oshxonalardan birida ovqatlanib zaharlanish hollari ham uchrab turadi. Birovdan yordam kutish amri mahol. Axir bizning tashqi koʻrinishimiz xorda kuylaydigan yigitchalarnikidek emas", — deb soʻzini davom ettirdi haydovchi amaki.
Hozir albatta vaziyat bunchalik qiyin emas. Haydovchilarda zamonaviy aloqa vositalari bor, GPS kuzatish uskunalari va boshqalar. Hamma joyda yordamga chaqirish imkoni bor. 90 — yillarda esa, har bir qatnov ruletkaga oʻxshash edi. Boy boʻlib yoki bir tiyinsiz qaytib kelishini hech kim bilmas edi.
"90-yillar Rossiya va Qozogʻiston yoʻllarida jinoyatchilik avj olgan vaqtlar edi. Eng qimmatbaho yuklarni oʻzbek maxsus xizmatlari xodimlari kuzatib borishar edi. Menga qurol bilan ham pichoq bilan ham poʻpisa qilishgan. Pul telefon va boshqa qoʻlga ilinadigan narsalarni ham olib tortib olishgan, lekin ularning hammasidan hayot afzal-ku. Bermaslikning iloji yoʻq edi. Berib yana yoʻlimizni davom ettiraverar edik", — deydi amaki.
Bugungi kunda esa uzoq masofaga yuruvchilarning asosiy muammosi — bu nazorat va boshqaruv organlari boʻlib qolmoqda.
"Jinoyatchilar yoʻllardan allaqachon yoʻqolgan, bemalol yuraverish mumkin. Lekin ayrim yoʻl patrul va bojxona nazorati xodimlari bizdan pul undirmoqchi boʻlishadi. Yoʻllarning yomon ahvoldaligi ham juda koʻp muammo tugʻdiradi. Qozogʻistonda yoʻllar umuman yoʻq desa ham boʻladi. Faqat graviy toʻkilgan yoʻnalishlar bor. Rossiya yoʻllari esa — bu turli tuman chuqurliklar jamlanmasi. Markaziy shaharlarda yaxoʻi, lekin biroz chetga chiqsang — boshlanadi", — deydi Misha amaki.
Yaqin kunda Misha amaki Chelyabinskka oʻzbek matolarini olib yoʻlga chiqadi. Yoshi ancha katta boʻlgani uchun hamrohi bilan birga yoʻlga chiqishga qaror qilgan. Misha amaki hali oʻz ishini tashlash niyati yoʻq. Boshqa mamlakatda unga ish yoʻq, oilani esa — boqish kerak, deydi Misha amaki.