TOShKENT, 28 okt — Sputnik. S7 Airlines aviakompaniyasining Novosibirskdan Farg‘onaga uchayotgan samolyoti Olma-Otada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi, deb xabar bermoqda RIA Novosti Tengrinews.kz. agentligiga tayanib.
Aeroport ma’lumotxonasidan Sputnik O‘zbekistonga ma’lum qilishlaricha, samolyotning qo‘nishiga (Moskva vaqti bilan 09.54da) yo‘lovchilardan birining o‘zini yomon his qilishi sabab bo‘lgan.
"S7 Airlines aviakompaniyasining Boeing 767-33A samolyoti Novosibirskdan soat 11.30 (Moskva vaqti bilan 07.30)da havoga ko‘tarilgan va soat 12.40 (10.40 — msk)da Farg‘onaga qo‘nishi lozim edi, lekin yo‘nalish o‘zgargan. Samolyot Olma-Otada qo‘ndi", — deyiladi xabarda.
Hozirgina olingan xabarga ko‘ra, samolyot Moskva vaqti bilan soat 11.48da Olma-Ota aeroportidan Farg‘onaga uchib ketgan.
S7 — Rossiyaning yirik aviaxoldingi bo‘lib, uning tarkibiga "Sibir" va "Globus" aviakompaniyalari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, bugun tunda Moskvadan Namanganga parvoz qilgan samolyot Qozon shahrida qo‘nishga majbur bo‘lgandi.