TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Oxirgi 500-yil davomida birinchi bor, arxeologlar Muqaddas Qabrdagi marmar toshni chetga surishdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
"Marmar toshtaxta surilganda, uning ostiga qo‘yilgan juda ko‘p toshlarni ko‘rib biz hayron qoldik", — dedi arxeolog Fredrik Xibert.
Uning so‘zlariga qaraganda, olimlar Iso payg‘ambarning tanasi, rivoyatlarga ko‘ra, dastlab qo‘yilgan toshni aniqlashi uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi. O‘tkazilayotgan taftish maqbaraning dastlabki ko‘rinishi qanday bo‘lganligini va nima sababdan Rim imperatori Konstantinning onasi Yelena aynan shu yerni nasroniylarning eng ulug‘ sajdagohi deb hisoblaganini aniqlashga yordam berishi kerak.
National Geografic jurnali bo‘lsa ushbu jarayon namoyish etilgan videoni e’lon qildi.
Moskva patriarxati igumeni Serapion (Mitko) aytishiga qaraganda, Iso Payg‘ambar maqbarida izlanishlar o‘tkazish olimlarga yangi tarixiy detallar haqida ma’lumot berishi mumkin. Uning so‘zlariga qaraganda Rus pravoslav cherkovi arxeologlar tashabbusini to‘g‘ri "tushungan".
Ulkan Muqaddas Qabr cherkovi 4-asrda qurilgan bo‘lib, keyinchalik u bir necha bor qayta qurilgan. Ushbu ibodatxona ichida 1810-yilda aynan Iso Payg‘ambarning qabri ustida kichik Kuvukliya ibodatxonasi qurilgan.
Nasroniylar odatiga ko‘ra, aynan ushbu Kuvukliya ibodatxonasida har yil Pasxa bayrami arafasida, osmondan tushgan "Fayzli olov" yoqilib u dunyoning barcha nasroniy cherkovlariga tarqatiladi. Rivoyatlarga ko‘ra, "Fayzli olov" osmondan tushmagan kun — Qiyomat qoyim bo‘lar ekan.
Ushbu arxeologik izlanishlardan keyin Kuvukliya ibodatxonasi ham birinchi bor qayta ta’mirlanadigan bo‘ldi.
Injil rivoyatlariga ko‘ra, Iso Payg‘ambarning Golgofa tog‘idagi vafotidan keyin uning tanasi tog‘da o‘yilgan g‘orlardan biriga qo‘yilgan. Rivoyatlarga ko‘ra ushbu g‘orda uchinchi kuni Iso payg‘ambar qayta tirilgan. IV asrda Rim imperatorining onasi Yelena Golgofa tog‘ida o‘tkazgan qazish ishlarida Iso Masih chormixga tortilgan xoch topiladi. Shundan keyin ushbu joyda Muqaddas Qabr cherkovi quriladi.