TOShKENT, 25 okt – Sputnik. O‘zbek kinosi rivoji hamda nomini dunyoga tanitishda ulkan hissa qo‘shgan rejissor va aktor Melis Abzalov bilan vidolashuv 26-oktabr kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Abzalovning hamkasbi Ali Hamroyev Facebookdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Shvetsiyada marhumning qizi va o‘g‘li, olti nevarasi va olti evarasi istiqomat qiladi. Ular o‘z katta bobosi, bobosi va otasini uning eng yaqin kishilari yashaydigan joyda yerga topshirishga qaror qildilar”, — deb yozadi Ali Hamroyev.
Eslatib o‘tamiz, rejissor Melis Abzalov 25-oktabr kuni Shvetsiyada vafot etdi. U 18-noyabr kuni 78 yoshga to‘lgan bo‘lardi.
Melis Abzalov “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “O‘tgan kunlar” kabi mashhur filmlarga rejissorlik qilgan. U shuningdek, bir necha o‘nlab filmlarda rol ijro etgan.