TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Samarqandda tramvay yo‘lini qurish ishlari boshlanib ketdi, deb xabar beradi, uz24.uz. Xabarda aytilishicha, temir yo‘lning umumiy uzunligi 8 kilometrdan iborat bo‘ladi.
Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Tojiboyevning so‘zlariga ko‘ra, tramvay qatnovining dastlabki bosqichi Samarqand temiryo‘l vokzali maydoni va Sartepa massivi oralig‘ida yo‘lga qo‘yiladi. Po‘lat izlar Beruniy, Buyuk ipak yo‘li, Amir Temur, Turkiston ko‘chalarida yotqiziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev shu yilning 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurganida Samarqand shahrida tramvay qatnovini qayta tiklash taklifini bergan edi.
Yo‘l qurilishining ikkinchi bosqichida tramvay yo‘nalishini Temiryo‘l vokzalidan Siyob dehqon bozorigacha, uchinchi bosqichida Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan Kimogarlar shaharchasiga qadar uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Qurilish ishlari 2017-yil Navro‘z bayramiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.