TOShKENT, 21 okt — Sputnik. 2014-yil oxirida WebSum savdo markasi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi "E-SERVICES HOUSE" MChJ O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlariga WebSum tizimidan pul o‘g‘irlanganligi holati yuzasidan surishtiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilgandi, deb xabar beradi NUZ.UZ.
Prokuratura tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida sobiq direktor Ozod Muzaffarov WebSum tizimining mijozlari bo‘lgan davlat kompaniyalari, yuridik va jismoniy shaxslarning yirik miqdordagi pullarini o‘zlashtirib yuborganligi aniqlandi va isbotlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 2010-yilda direktorlik qilgan Muzaffarov tizimning dasturiy kodiga yashirincha o‘zgartirish kiritgan va shu orqali jinoiy harakatini amalga oshirgan.
Sobiq direktor aybiga to‘laligicha iqror bo‘ldi. Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi bilan u o‘g‘irlangan pullarni qaytarmasdan eng kam ish haqining 300 baravari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi va shu zahoti unga nisbatan amnistiya qo‘llanildi. Bu bilan mijozlarning pullarini qaytarish majburiyati "E-SERVICES HOUSE" zimmasiga yuklandi.
Kompaniya sudning nohaq qarori yuzasidan Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi va hozirda Bosh prokuratura tomonidan sud jarayonida qator qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining kassatsion hukmiga nisbatan protest keltirildi.
"Sizlarni ishontirib aytamiz, WebSum tizimi yopilmaydi va tez orada o‘z ishini davom ettiradi! Biz adolatli qonunga ishonamiz, aybdor munosib jazosini oladi, barcha o‘g‘irlangan pullar esa tizimga qaytariladi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz, bizni tushunishingizni va ozgina sabr qilishingizni so‘raymiz! Bizga sizning qo‘llab-quvvatlashingiz kerak!", — deyiladi kompaniyaning rasmiy xabarida.
Kompaniya vakillari WebSum tizimi foydalanuvchilariga murojaat qilar ekan, sud jarayonlari hamda Muzaffarov pullarini o‘zlashtirib yuborgan kompaniyalarning e’tirozlari sababli to‘lov tizimi faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘lganligini bildiradi. Shuningdek, alohida e’lon berilmaguniga qadar mijozlardan o‘z elektron hamonlarini to‘ldirmay turish so‘raladi.