TOShKENT, 20 okt — Sputnik. 2016-yilning 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Bosh kotibi Hasan Rabehi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Hasan Rabehi IHT TIVK 43-sessiyasining samarali yakunlangani bilan O‘zbekiston tomonini tabrikladi va tashkilotga a’zo davlatlar uchun muhim bo‘lgan "Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik yo‘li" shiori ostidagi raislikni muvaffaqiyatli o‘tkazishni tiladi.
Suhbat chog‘ida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida munosabatlarni siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda izchil rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ta’kidlandi, zero O‘zbekiston-Jazoir aloqalarining mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosini yaratish va turli darajalardagi aloqalarni faollashtirish o‘zaro hamkorlikning muhim bosqichi sifatida xizmat qiladi.
TIVdagi uchrashuv yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida Protokol imzolandi.
Muzokaralarda Jazoir Elchisi Naser Busherit ishtirok etdi.