O‘zbekiston va Islom Taraqqiyot Banki 1,4 mlrd dollarlik qiymatga ega loyihalarni tayyorladi

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy / Mediabankka o‘tishO‘zbekiston prezidentining qarorgohi
O‘zbekiston prezidentining qarorgohi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-oktabr kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashuv o‘tkazdi

TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev mehmonni musulmon dunyosining eng nufuzli moliya muassasalaridan biriga rahbar etib tayinlangani munosabati bilan tabriklab, ITB bundan buyon ham butun islom ummatining birdamligi va barcha a’zo mamlakatlar rivojiga munosib hissa qo‘shaverishiga ishonch bildirdi, deb xabar qilingan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining rasmiy saytida.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev: "Islom - haqiqatni anglash demakdir"
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ITB o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, ayniqsa, tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy yo‘naltirilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, aloqalarni yanada taraqqiy ettirish, yangi bosqichga ko‘tarish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni o‘rganish va ishga solish, yangi loyihalar tuzish, sheriklik ko‘lamini kengaytirish maqsadida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvi bo‘yicha aniq harakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.

"Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ITB bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir. Shu munosabat bilan mamlakat 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasini birgalikda ishlab chiqish va joriy yilning o‘zida qabul qilishga tayyor. Ayni paytda ushbu strategiyaga kiritish uchun umumiy qiymati 1,4 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 21 loyiha bo‘yicha takliflar tayyorlab qo‘yilgan", — deyiladi xabar matnida.

Mehmon Islom hamkorlik tashkilotining Toshkentda "Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l" shiori ostida o‘tayotgan anjumaniga taklif qilgani hamda o‘z nutqida ITB faoliyatiga yuksak baho bergani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik izhor etib, O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish borasidagi barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlashini, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga tayyorligini bildirdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusini ro‘yobga chiqarish – Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida nafaqat islom madaniyati, balki umuminsoniy sivilizatsiya ravnaqiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Bandar Hajar mazkur tashabbusni yuksak baholar ekan, bunday ezgu g‘oyalar musulmon olamining hamjihatligini yanada mustahkamlashga va umumiy maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Yangiliklar lentasi
0